“Barselona” Jerar Martin bilan yangi shartnoma imzolamoqchi
“Barselona” himoyachi Jerar Martin bilan shartnomani uzaytirish ustida ishlamoqda. Mundo Deportivo ma’lumotiga ko‘ra, klub 24 yoshli futbolchining vakillari bilan dastlabki aloqalarni boshlagan va tomonlarda hamkorlikni davom ettirish istagi mavjud.
Martin amaldagi shartnomasini 2025-yil yanvarida uzaytirgan va u 2028-yil 30-iyungacha mo‘ljallangan. “Barselona” esa himoyachini yana uzoq muddatga saqlab qolmoqchi. Xabarlarga ko‘ra, yangi bitim 2030 yoki 2031-yilgacha davom etishi, futbolchining maoshi va shartnomadagi tovon puli ham oshirilishi mumkin.
Jerar Martin “Barselona”ga 2023-yilda “Kornelya”dan kelib qo‘shilgan. Dastlab chap qanot himoyachisi sifatida o‘ynagan futbolchi Xans-Diter Flik qo‘l ostida markaziy himoyaga moslashtirildi va asosiy jamoada muhim rolga ega bo‘la boshladi. Joriy mavsumda u La Ligadagi dastlabki olti uchrashuvning barchasida maydonga tushib, beshtasini asosiy tarkibda boshlagan.
Ma’lumot uchun, Martinning amaldagi shartnomasida 100 mln yevrolik tovon puli mavjud. “Barselona” yangi kelishuv orqali futbolchining jamoadagi o‘rni va o‘sib borayotgan ahamiyatini shartnoma shartlarida ham aks ettirmoqchi.