“Barselona” ikki oyga asosiy himoyachilaridan biridan ayrilishi mumkin
“Barselona” markaziy himoyachisi Andreas Kristensen jarohat sabab uzoq muddat maydonga tusha olmasligi mumkin. Daniyalik futbolchi “Sevilya”ga qarshi 3:1 hisobida yakunlangan uchrashuvda chap sonidan jarohat oldi. Klub tibbiy tekshiruvlardan so‘ng uning chap son mushagida shikastlanish aniqlanganini rasman ma’lum qildi.
Manbalarga ko‘ra, Kristensenning tiklanish jarayoni kutilganidan uzoqroq davom etishi va u ikki oygacha safdan chiqishi mumkin. Agar bu muddat tasdiqlansa, himoyachi “Barselona”ning La Liga va Chempionlar ligasidagi bir qator muhim uchrashuvlarini, jumladan “Real Madrid”, PSJ va “Galatasaroy”ga qarshi bahslarni o‘tkazib yuboradi.
Kristensen joriy mavsumda “Barselona” safida 6 ta uchrashuvda maydonga tushib, ularning 4 tasini asosiy tarkibda boshladi. Himoyachi jami 402 daqiqa o‘ynab, 1 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Ma’lumot uchun, “Barselona” iyul oyida Kristensen bilan shartnomani 2028-yilning yoziga qadar uzaytirgan edi. 30 yoshli himoyachining jarohati sabab Hansi Flik markaziy himoyada Pau Kubarsi, Erik Garsiya, Jyul Kunde va Jerar Martin variantlaridan foydalanishi kutilmoqda.