«Barselona» Grimaldoni orta qaytarmoqchi — manba
«Barselona» sport direktoru Deku «Bayer» qanot himoyachisi Alexandro Grimaldoni klubning asosiy transfer maqsadlaridan biri sifatida ko‘rmoqda.
«Ko‘k-anorranglilar» lageridagilar 30 yoshli futbolchi Aleks Balde bilan munosib raqobat qila olishiga ishonishmoqda. Bu haqda jurnalist Ekrem Konur xabar berdi.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, dastlab «Bayer» Grimaldoning sotuvidan 30-35 million yevro ishlab olishni rejalashtirgan edi. Biroq himoyachining «Barselona»ga qaytish istagi va uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozida yakunlanishini inobatga olgan holda, bu summa 25 million yevrogacha tushishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Grimaldo «Barselona» akademiyasi bitiruvchisi hisoblanadi. Joriy mavsumda ispaniyalik futbolchi barcha turnirlar doirasida 40 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 14 ta gol va 11 ta samarali uzatmani yozdirib qo‘ydi.
Transfermarkt portali bergan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 24 million yevroni tashkil etadi.