«Barselona» Gravenberx uchun 50 million yevro sarflamoqchi
“Liverpul” klubi yarim himoyachisi Rayan Gravenberx faoliyatini Ispaniya La Ligasida davom ettirishi mumkin. Bu haqda Fichajes xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 23 yoshli futbolchiga “Barselona” jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Xabarga ko‘ra, niderlandiyalik futbolchini qo‘lga kiritish uchun kataloniyaliklar rahbariyati bir nechta asosiy tarkib futbolchilarini sotish imkoniyatini ham ko‘rib chiqishga tayyor. Gravenberxning o‘zi ham “Barselona”ga o‘tish imkoniyatini inkor qilmayapti. “Barselona” esa yarim himoyachi uchun 50 million yevro to‘lashga tayyorligini bildirgan.
Joriy mavsum Rayan Gravenberx barcha turnirlar doirasida jami 12 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 3 ta gol va 2 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 90 million yevroni tashkil qiladi. Uning “Liverpul” bilan shartnomasi 2028 yil yozigacha amal qiladi.