«Barselona» Gonsalu Ramushga qiziqish bildirmoqda
Kataloniyaning «Barselona» klubi o‘zining potensial transferlar ro‘yxatiga PSJ hujumchisi Gonsalu Ramushni kiritdi. Bu qaror Londonning «Chelsi» klubi o‘z forvardi Jao Pedro sotilmasligi haqida ma’lum qilganidan so‘ng qabul qilindi. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar bermoqda.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiya klubi zaxira o‘rindig‘ida qolib ketayotganidan norozi bo‘lgan 24 yoshli futbolchini qo‘yib yuborishga tayyor. Ta’kidlanishicha, portugaliyalik hujumchini qo‘lga kiritish uchun «Barselona» va «Chelsi» klublari o‘zaro kurash olib borishi mumkin.
Gonsalu Ramush joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida 41 ta uchrashuvda maydonga tushib, 12 ta gol va 2 ta samarali uzatmaga mualliflik qildi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hujumchining bozor qiymati 35 million yevroni tashkil etadi.