“Barselona” “Galatasaroy” futbolchisiga qiziqish bildirmoqda
Ispaniyaning “Barselona” klubi Turkiyaning “Galatasaroy” jamoasi yarim himoyachisi Aleksey Batrakovni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini o‘rganmoqda. Kataloniyaliklar 21 yoshli rossiyalik futbolchi yuzasidan dastlabki ma’lumotlarni so‘ragan. Bu haqda Barça Universal nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Barselona” vakillari Chempionlar ligasidagi o‘zaro uchrashuv oldidan Batrakovning imkoniyatlarini o‘rganishni boshlagan. Biroq kataloniyaliklar hozircha futbolchini sotib olish bo‘yicha rasmiy muzokaralarga kirishmagan. Klub hujumkor yarim himoya chizig‘ida yetarlicha futbolchilar bor deb hisoblamoqda.
Batrakovning o‘zi esa kelajakda “Barselona” safida to‘p surishni orzu qiladi. Rossiyalik yarim himoyachi kataloniyaliklardan taklif tushgan taqdirda, faoliyatini Ispaniyada davom ettirish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor. Hozircha tomonlar o‘rtasida kelishuv mavjud emas.
Ma’lumot uchun, Aleksey Batrakov 2026-yil avgust oyida Moskvaning “Lokomotiv” klubidan “Galatasaroy”ga 25 million yevro evaziga transfer qilingan. Futbolchi Turkiya klubi safidagi dastlabki 6 ta uchrashuvida 2 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Shuningdek, 13-oktabr kuni Chempionlar ligasida “Barselona” darvozasiga gol urgan. Uchrashuv kataloniyaliklarning 4:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan.