«Barselona» futbolchisi unga qilingan hujum oqibatida halok boʻldi
Ekvadorning «Barselona» futbol klubi himoyachisi Mario Pineyda 34 yoshida unga qilingan hujum oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda klub matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi.
Ekvador OAV ma’lumotlariga ko‘ra, fojia vaqtida futbolchining turmush o‘rtog‘i ham vafot etgan, uning onasi esa jarohat olgan.
Mario Pineyda 2016 yildan buyon «Barselona» sharafini himoya qilib kelgan. Klub safida u ikki bor Ekvador chempioni bo‘lgan, shuningdek, mamlakat Kubogini qo‘lga kiritgan. Faoliyati davomida Pineyda Ekvadorning «Independyente del Valle», «Nasyonal», shuningdek Braziliyaning «Fluminense» klublarida ham to‘p surgan.
2015 yil yozida Pineyda Chilida bo‘lib o‘tgan Amerika Kubogida Ekvador terma jamoasi tarkibida qatnashgan. Biroq turnir davomida u zaxirada qolib, maydonga tushmagan.
«Barselona» klubi Mario Pineydaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.