“Barselona” Ferran Torres o‘rniga “Arsenal” hujumchisini olib kelmoqchi
“Barselona” yozgi transfer oynasida hujum chizig‘ini kuchaytirish ustida ishlamoqda. Kataloniya klubi PSJ safiga o‘tgan Ferran Torresning o‘rniga “Arsenal” hujumchisi Viktor Dyokereshni asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda jurnalist Xose Alvares ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, Dyokeresh Torres ketganidan keyin “Barselona” uchun ustuvor variantlardan biriga aylangan. Kataloniya klubi shvetsiyalik hujumchini 2024-yildan buyon kuzatib kelgan va uni avvalroq Robert Levandovskining ehtimoliy o‘rinbosari sifatida ham ko‘rib chiqqan.
Dyokeresh “Arsenal” safiga o‘tgan yozda “Sporting”dan 70 million yevro va bonuslar evaziga qo‘shilgan edi. U Angliya Premer-ligasidagi debyut mavsumida 36 ta uchrashuvda 14 ta gol urib, “Arsenal”ning chempion bo‘lishiga hissa qo‘shdi.
Ma’lumot uchun, “Barselona” Ferran Torresni PSJga 50 million yevroga sotgan. Endilikda Kataloniya klubi bir mavsumda 30 va undan ortiq gol ura oladigan hujumchini o‘z safiga qo‘shishni maqsad qilgan va Dyokeresh shu talabga mos nomzodlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.