«Barselona» Entoni Gordonni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi
Kataloniyaning «Barselona» klubi «Nyukasl» jamoasining qanot hujumchisi Entoni Gordonga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda jurnalist Matteo Moretto ma’lum qildi.
Manba bergan xabarga ko‘ra, kataloniyaliklar 25 yoshli futbolchining xizmatlariga qiziqayotgan bo‘lsalar-da, ushbu transferning narxi o‘ta yuqori bo‘lishini tushunib turibdilar. Shu sababli, klub boshqa variantlarni ham ko‘rib chiqmoqda.
Ispaniyadagi yana bir nomzod — «Barselona» akademiyasi bitiruvchisi, hozirda «Betis» sharafini himoya qilayotgan qanot forvardi Abde Ezzalzulidir.
Joriy mavsumda Entoni Gordon barcha turnirlar doirasida 46 ta uchrashuvda maydonga tushib, 17 ta gol va 5 ta samarali uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Abde Ezzalzuli esa 39 ta o‘yinda ishtirok etib, 13 ta gol urdi va 13 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.