locale OZ

‘‘Barselona’’ El-Klasikoda maxsus formada maydonga tushadi

Futbolchilarning ko‘krak qismida odatiy Spotify logotipi o‘rniga san’atkorga tegishli ‘‘GOLF WANG’’ brendining ‘‘GOLF’’ yozuvi joylashtiriladi.
‘‘Barselona’’ El-Klasikoda maxsus formada maydonga tushadi
Foto: Getty Images

Ispaniyaning ‘‘Barselona’’ klubi ‘‘Real Madrid’’ga qarshi navbatdagi El-Klasikoda maxsus dizayndagi formada maydonga tushishini e’lon qildi. Kataloniyaliklar bu safar amerikalik reper va dizayner Tyler, The Creator bilan hamkorlikda tayyorlangan libosdan foydalanadi. Futbolchilarning ko‘krak qismida odatiy Spotify logotipi o‘rniga san’atkorga tegishli ‘‘GOLF WANG’’ brendining ‘‘GOLF’’ yozuvi joylashtiriladi. Bu haqda ‘‘Barselona’’ rasmiy sayti xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, yangi forma klubning Spotify bilan hamkorligi doirasida ishlab chiqilgan. Mazkur loyiha futbol, musiqa va moda olamini birlashtirishga qaratilgan bo‘lib, Tyler, The Creator ilk bor ushbu hamkorlik doirasidagi reklama kampaniyasining barcha ijodiy jarayonlarini to‘liq nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Hamkorlik doirasida maxsus futbolkalardan tashqari, sport kiyimlari, kurtkalar va turli aksessuarlar kolleksiyasi ham taqdim etilgan.

‘‘Barselona’’ning tijorat masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Joan Soler ushbu hamkorlik klubning xalqaro miqyosdagi mashhurligini oshirish va yangi auditoriyani jalb qilishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Spotify bilan birgalikda amalga oshirilayotgan bunday loyihalar futbol va musiqa o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlamoqda. Shuningdek, 24-oktabr kuni Barselonada musiqa, futbol va modani birlashtiruvchi ‘‘Copa De Golf’’ tadbiri tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, ‘‘Barselona’’ va ‘‘Real Madrid’’ o‘rtasidagi La Liganing 10-tur uchrashuvi 25-oktabr kuni ‘‘Spotify Camp Nou’’ stadionida bo‘lib o‘tadi. Maxsus forma dastlab 24-oktabr kuni ‘‘Barselona’’ ayollar jamoasining ‘‘Granada’’ga qarshi bahsida foydalaniladi. Klub yangi libosning 1 899 dona cheklangan nusxasini sotuvga chiqargan. Avvalroq kataloniyaliklar Drake, Rosalía, Coldplay, Travis Scott, Ed Sheeran va Olivia Rodrigo kabi mashhur san’atkorlarning logotiplari tushirilgan formalarda ham maydonga tushgan edi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting