\"Barselona\" ekvadorlik 18 yoshli himoyachini ijaraga oldi
Ispaniyaning "Barselona" klubi Ekvadorning LDU Kito jamoasi himoyachisi Josue Kaysedoni ijaraga olganini rasman tasdiqladi.
Kelishuvga ko‘ra, 18 yoshli o‘ng qanot himoyachisi 2026/27-yilgi mavsumni Kataloniya klubida ijara asosida o‘tkazadi. Shartnomada futbolchini 2,5 million yevro evaziga sotib olish huquqi ham ko‘zda tutilgan. Agar Kaysedo asosiy jamoa safida kamida to‘rtta rasmiy uchrashuvda maydonga tushsa, ushbu band majburiy kuchga kiradi. Shuningdek, LDU Kito futbolchining keyingi transferidan 20 foiz ulushni saqlab qoladi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, Josue Kaysedo yozgi yig‘inni Hans-Diter Flik boshqaruvidagi asosiy jamoa bilan o‘tkazadi. Biroq mavsum boshida u asosan "Barselona Atletik" safida o‘ynashi kutilmoqda.
18 yoshli himoyachi Ekvador futbolining istiqbolli iqtidorlaridan biri sanaladi. "Barselona" rahbariyati uning kelajakda asosiy jamoa safidan o‘rin egallashiga umid qilmoqda.