“Barselona” De Yongning o‘rniga Marokash terma jamoasi futbolchisini ko‘rmoqda
“Barselona” yarim himoyachisi Frenki de Yongning jarohatidan so‘ng uning o‘rnini bosadigan variantlarni izlashni davom ettirmoqda. El Chiringuito xabariga ko‘ra, Kataloniya klubi Marokash terma jamoasi yarim himoyachisi Bilol El Xannusni asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rmoqda.
Manbaga ko‘ra, klub sport direktori Deko va murabbiy Xansi Flik 21 yoshli futbolchining o‘yin uslubini De Yongning fazilatlariga yaqin deb hisoblamoqda. El Xannus to‘p bilan muomala qilish, hujumni boshlash va markazda o‘yinni boshqarish borasidagi sifatlari bilan “Barselona” e’tiborini tortgan.
Ayni paytda “Barselona” transfer bozoridagi moliyaviy imkoniyatlarini ham hisobga olmoqda. Shu sababli klub futbolchi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilishdan oldin barcha variantlarni sinchkovlik bilan o‘rganmoqda. Hozircha Marokash terma jamoasi futbolchisi bo‘yicha rasmiy taklif yuborilgani haqida ma’lumot yo‘q.
Qayd etilishicha, Frenki de Yongning uzoq muddatga safdan chiqqani sabab “Barselona” markaziy yarim himoya chizig‘ini kuchaytirishni yozgi transfer oynasining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilagan.