«Barselona» Bastoniga muqobil variant sifatida «Betis» himoyachisini ko‘rib chiqmoqda
«Betis» markaziy himoyachisi Natan «Inter» a’zosi Alessandro Bastoniga muqobil variant sifatida «Barselona»ga taklif qilindi. Mundo Deportivo nashrining xabar berishicha, kataloniyaliklar rahbariyati kelasi mavsum oldidan tarkibni kuchaytirishi lozim bo‘lgan asosiy nuqtalardan biri sifatida chap oyoqli markaziy himoyachi pozitsiyasini belgilab olgan.
Ayni damda Bastoni «ko‘k-anorranglilar»ning transferlar ro‘yxatida birinchi o‘rinda turibdi. Futbolchining o‘zi ham ushbu o‘tishga qiziqish bildirayotgan bo‘lsa-da, «Inter»ning 70 million yevro miqdoridagi talabi transferni murakkablashtirishi mumkin.
Shu sababli, arzonroq variant sifatida ko‘rilayotgan Natan nomzodi dolzarb bo‘lib turibdi. «Betis» o‘z himoyachisi uchun 35 million yevro so‘ramoqda, biroq futbolchiga yaqin manbalar bitim 30 million yevro atrofida yakunlanishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, braziliyalik futbolchiga Angliya Premyer-ligasining «Vest Xem», «Nyukasl» va «Bornmut» kabi klublari ham jiddiy qiziqish bildirmoqda. Shunga qaramay, Natanning ustuvor rejasi Ispaniya La Ligasida qolish hisoblanadi.