“Barselona” Alvaresni sotib olishning yangi usulini o'ylab topdi
“Barselona” “Atletiko” hujumchisi Xulian Alvaresni qo‘lga kiritishning yangi variantini ko‘rib chiqmoqda. Kataloniya klubi argentinalik futbolchi uchun pul bilan birga o‘z futbolchilaridan birini taklif qilish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda Fichajes nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Barselona” ehtimoliy kelishuvga Frenki de Yong, Alexandro Balde yoki Dani Olmodan birini qo‘shishi mumkin. Shu orqali kataloniyaliklar “Atletiko” talab qilayotgan summani kamaytirishga umid qilmoqda. Hozircha klublar o‘rtasida bu formula bo‘yicha rasmiy muzokaralar boshlanmagan.
“Barselona” Alvaresni yozgi transfer oynasida ham sotib olishga uringan, biroq madridliklar yetakchi futbolchisini qo‘yib yuborishni istamagan. Kataloniya klubi sport direktori Deko sentabr oyida “Atletiko” futbolchini sotishga rozi bo‘lmaganini tasdiqlagan edi.
Ma’lumot uchun, 24-sentabr kuni Deko Alvares masalasini “o‘tmishda qolgan” deb atab, klub boshqa variantlarga e’tibor qaratayotganini aytgan. Shu sabab Fichajes tarqatgan yangi ma’lumot hozircha transfer mish-mishi sifatida baholanishi kerak.