Azim Ahmedov: \"Ichki sezgim bilan gol urishimni his qildim\"
Namanganning “Navbahor” futbol klubi sardori Azim Ahmedov vodiy derbisidagi “Neftchi”ga qarshi o'yinda uzoq masofadan jarima zarbasini aniq amalga oshirib, klubning yubiley1550 golini urgan futbolchi sifatida tarixda qoladigan bo'ldi. Ushbu goldan keyin Ahmedov quyidagi fikrlarni bildirdi:
“O'zim Namanganlikman va ”Navbahor" tarixi bor, taniqli klub bo'lgani uchun ham klubning yubiley golini urganimdan xursandman. Yubiley gol borasida to‘xtaladigan bo‘lsam, uni standart vaziyatdan so‘ng, urdim. O‘shanda darvozadan ancha uzoq bo‘lgan masofadan belgilangan jarima zarbasini tepishdan oldin ichki sezgim bilan gol urishimni sezgandim. Chunki o‘tgan mavsumda ham aynan ushbu “Istiqlol” stadionida, “Neftchi”ga qarshi kechgan bahsning uchrashuvdagi to‘xtalishlar uchun hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalari o‘tib borayotgan paytda xuddi shunga o‘xshash, ya’ni, uzoqdan kuchli zarba yo‘llab, hisobni tenglashtiruvchi to‘pni kiritgandim (o‘sha o‘yinda jangovar durang – 2:2 hisobi qayd etilgandi). Sezgim pand bermadi hamda hisobni ochuvchi gol muallifiga aylandim",-deydi futbolchi