locale OZ

‘‘Ayaks’’ga qarshi o‘yindan keyin katta mojaro yuz berdi — muxlislar hibsga olindi

Hozircha UEFA tomonidan klubga nisbatan yakuniy intizomiy qaror e’lon qilinmagan.
‘‘Ayaks’’ga qarshi o‘yindan keyin katta mojaro yuz berdi — muxlislar hibsga olindi
Foto: Getty Images

Xorvatiyaning ‘‘Xayduk Split’’ va Niderlandiyaning ‘‘Ayaks’’ klublari o‘rtasidagi uchrashuv atrofida jiddiy mojaro yuzaga keldi. Xorvatiya klubi muxlislarining yahudiylarga qarshi haqoratli hayqiriqlari va natsizmni targ‘ib qiluvchi harakatlari mamlakatda keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Politsiya hodisaga aloqador kamida 12 nafar muxlisni hibsga oldi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, 15-oktabr kuni Konferensiyalar ligasi doirasidagi uchrashuv oldidan minglab ‘‘Xayduk’’ muxlislari Split shahri ko‘chalarida yurish tashkil qilgan. ‘‘Torcida’’ nomi bilan tanilgan muxlislar guruhi yurish davomida yahudiylarni haqorat qiluvchi shiorlar aytgan va natsistlar yetakchisi Adolf Gitlerni ulug‘lagan. Shuningdek, ular ‘‘Ayaks’’ nomi yozilgan tobut maketi o‘rnatilgan avtomobil ortidan harakatlangan. Mazkur holatlar aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Voqeaga Xorvatiya prezidenti Zoran Milanovich va mamlakat hukumati ham munosabat bildirdi. Prezident bunday harakatlarni mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidlab, aybdorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi. Xorvatiya futbol federatsiyasi ham antisemitizm va natsizmni targ‘ib qilish sport qadriyatlariga zid ekanini bildirib, hodisani keskin qoraladi. ‘‘Xayduk’’ rahbariyati esa muxlislarning xatti-harakatlari uchun ‘‘Ayaks’’ va UEFA vakillaridan uzr so‘radi. Klub mazkur voqealar sabab intizomiy jazoga tortilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, 15-oktabr kuni ‘‘Poljud’’ stadionida o‘tkazilgan uchrashuv ‘‘Xayduk’’ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. Bahs davomida muxlislar maydonga pirotexnika vositalari va boshqa buyumlarni uloqtirgani sabab o‘yin 12 daqiqaga to‘xtatilgan. Uchrashuvni 31 mingdan ortiq tomoshabin stadiondan kuzatgan. Xorvatiya politsiyasi hodisaga aloqador boshqa shaxslarni ham aniqlash bo‘yicha tergov ishlarini davom ettirmoqda.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting