«Atletiko» tez orada Lukman transferini eʼlon qiladi
Madridning «Atletiko» klubi o‘zining rasmiy sayti orqali «Atalanta» hujumchisi Ademola Lukmanning transferi bo‘yicha to‘liq kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Nigeriyalik forvard ayni damda Madridda bo‘lib turibdi.
Klub bergan ma’lumotga ko‘ra, futbolchi tibbiy ko‘rikdan o‘tish va yangi shartnomaga imzo chekish uchun Ispaniya poytaxtiga yetib kelgan. Mashhur insayder Fabrisio Romanoning xabar berishicha, ushbu transfer «matraschilar»ga 35 million yevroga tushgan. Shuningdek, kelishuvda yana 5 million yevro miqdoridagi bonuslar ham ko‘zda tutilgan.
28 yoshli Lukman 2022 yilning yozidan buyon Bergamo klubi safida yorqin o‘yinlar namoyish etib kelayotgan edi. U «Atalanta» libosida jami 137 ta uchrashuvda maydonga tushib, 55 ta gol va 27 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil Lukman faoliyatidagi eng muvaffaqiyatli mavsum bo‘ldi. U «Atalanta» bilan Yevropa Ligasida zafar quchdi, Afrikaning eng yaxshi futbolchisi deb topildi hamda «Oltin to‘p» so‘rovnomasida 14 o‘rinni egalladi.