“Atletiko” stadionidagi do‘konda Xulian Alvaresning futbolkalari sotuvda yo‘q
Madridning “Atletiko” klubi stadioni hududidagi rasmiy do‘konda ayni paytda Xulian Alvares familiyasi tushirilgan futbolkalar sotilmayapti. The Touchline ma’lumotiga ko‘ra, bu holat argentinalik hujumchining kelajagi atrofidagi so‘nggi voqealar fonida e’tibor tortgan.
Alvares yozgi transfer oynasida “Atletiko”ni tark etish imkoniyatini ko‘rib chiqqan. Hujumchi “Barselona”ga o‘tishni istagan, biroq Madrid klubi uni kataloniyaliklarga sotishga rozi bo‘lmagan. “Arsenal” varianti esa futbolchining o‘zi tomonidan rad etilgan.
Shunga qaramay, 26 yoshli futbolchi “Atletiko” safida qolmoqda. Bosh murabbiy Diego Simeone Alvaresni 5-sentabr kuni “Atletik”ka qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda maydonga tushirishni rejalashtirayotganini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Alvaresning futbolkasi “Atletiko”ning rasmiy onlayn-do‘konida hamon mavjud: muxlislar yangi mavsum formasini uning 19-raqami va familiyasi bilan buyurtma qilishlari mumkin. Demak, hozirgi holat stadiondagi jismoniy do‘konga tegishli.