«Atletiko» Simeone bilan shartnomani uzaytirishga tayyorlanmoqda
Madridning «Atletiko» klubi rahbariyati jamoa bosh murabbiyi Diyego Simeone bilan hamkorlikni uzaytirish variantini ko‘rib chiqmoqda. Holbuki, mutaxassisning amaldagi shartnomasi 2027 yil yozigacha mo‘ljallangan. Bu haqda Marca nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, hozircha argentinalik murabbiy bilan rasmiy muzokaralar boshlanmagan, biroq klub ichida aynan Simeone loyihaning keyingi rivoji uchun eng maqbul figura bo‘lib qolayotganiga ishonch mavjud. Ushbu pozitsiyani «Atletiko» prezidenti Enrike Sereso, bosh direktor Migel Anxel Gil Marin hamda sport direktori Mateu Alemany qo‘llab-quvvatlamoqda.
Diyego Simeone 2011 yil dekabr oyidan buyon madridliklarni boshqarib kelmoqda va shu vaqt davomida jamoani ikki bor La Liga chempionligiga olib chiqqan. Joriy mavsumda «Atletiko» 18 turdan so‘ng 37 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida uchinchi o‘rinni egallab turibdi.