«Atletiko» «PSJ» hujumchisini nishonga oldi
Madridning «Atletiko» klubi hujumchi Xulian Alvares jamoani tark etishi ehtimolini inobatga olib yangi forvard izlashga kirishdi. Hozirda «matraschilar» e’tiborini «Pari Sen-Jermen» hujumchisi Gonsalu Ramushga qaratgan. Bu haqda Marca nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, madridliklar 24 yoshli portugaliyalik futbolchini yaqin yozgi transferlar oynasi uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida belgilab qo‘ygan.
Joriy mavsumda Ramush «PSJ» safida barcha musobaqalarda 28 ta uchrashuvda maydonga tushib, 10 ta gol va bitta golli uzatmaga mualliflik qildi. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 35 mln yevro deb baholamoqda.
Gonsalu Ramush 2024 yilda «Benfika»dan «PSJ»ga 65 mln yevro evaziga ko‘chib o‘tgandi. Uning Parij klubi bilan amaldagi shartnomasi 2028 yil yoziga qadar mo‘ljallangan.