“Atletiko” Mourinyuning hakamlik haqidagi tanqidlariga keskin javob qaytardi
“Real Madrid” bosh murabbiyi Joze Mourinyuning Madrid derbisidan keyin hakamlik bo‘yicha bildirgan e’tirozlari “Atletiko” tomonining noroziligiga sabab bo‘ldi. Portugaliyalik mutaxassis matbuot anjumaniga bahsli deb hisoblagan ikki vaziyatning suratlari bilan chiqqanidan so‘ng, “Atletiko” vakillari hakamlarga nisbatan bosimni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda Marca nashriga tayanib xabar berilmoqda.
“Atletiko” vakillarining fikricha, hakamlarni muntazam ravishda omma oldida tanqid qilish Ispaniya futbolidagi vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Klub tomoni “kesib o‘tib bo‘lmaydigan qizil chiziqlar borligi”ni ta’kidlab, bunday bosim davom etsa, hakamlarning keyingi uchrashuvlardagi qarorlariga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytgan.
Madridliklar vaziyatga kinoya bilan ham munosabat bildirdi. “Real Madrid” foydasiga yo‘l qo‘yilgan hakamlik xatolarining barchasini qog‘ozga chiqarishni o‘yladik, ammo unda o‘rmonlar tugab qolardi. Ekologiyani asrash uchun bunday qilolmaymiz”, — deya “Atletiko” vakillarining so‘zlari keltirilgan.
Ma’lumot uchun, La Liganing so‘nggi Madrid derbisida “Atletiko” o‘z maydonida “Real Madrid”ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvdan keyin Mourinyu bosh hakamning ayrim qarorlarini tanqid qilib, ikki bahsli epizod tasvirini matbuot anjumanida namoyish qilgan edi.