“Atletiko” Jonatan Devid bo‘yicha “Yuventus”ga so‘rov yubordi
Madridning “Atletiko” klubi hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun “Yuventus” futbolchisi Jonatan Devidning transferi imkoniyatini o‘rganmoqda. Insayder Fabritsio Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, Madrid klubi kanadalik hujumchining transfer shartlari bo‘yicha Turin jamoasiga so‘rov yuborgan.
Hozircha tomonlar o‘rtasida rasmiy muzokaralar boshlanmagan va “Atletiko” futbolchi uchun taklif ham bermagan. Biroq ispan klubi vakillari “Yuventus” bilan bog‘lanib, transfer shartlari haqida ma’lumot olgan.
Manbaga ko‘ra, Devid boshqa klubdan yaxshi taklif olsa, “Yuventus”ni tark etishga tayyor. Kanadalik futbolchi yangi mavsumning ilk turida “Frozinone”ga qarshi uchrashuvda asosiy tarkibdan joy olmagan va bahsni to‘liq zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazgan.
Ma’lumot uchun, 26 yoshli Jonatan Devid 2025-yil yozida “Lill”dan “Yuventus”ga o‘tgan. Hujumchi faoliyati davomida Fransiya chempionatida yuqori natijadorligi bilan ajralib turgan va Kanada terma jamoasining asosiy futbolchilaridan biri hisoblanadi.