\"Atletiko\" Jeydon Sanchoga qiziqish bildirmoqda
Madridning "Atletiko" klubi hujum chizig‘ini kuchaytirish maqsadida Jeydon Sancho variantini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Germaniyaning BILD nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, "matraschilar" hozircha ingliz futbolchisini transfer qilish bo‘yicha rasmiy muzokaralarni boshlamagan. Biroq klub rahbariyati erkin agent maqomidagi Sancho bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.
26 yoshli qanot hujumchisi faoliyatini davom ettirish uchun bir nechta variantlarni ko‘rib chiqmoqda. Xabarlarga ko‘ra, uning ustuvor maqsadi Dortmundning "Borussiya"siga qaytish bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, agar moliyaviy shartlar mos kelsa, "Atletiko" taklifini ham rad etmaydi.
Qayd etilishicha, Madrid klubi uchun asosiy to‘siqlardan biri futbolchining yuqori maoshi hisoblanadi. Shu sababli ehtimoliy transfer Sancho o‘zining moliyaviy talablarini kamaytirgan taqdirdagina amalga oshishi mumkin.