«Atletiko» Chempionlar Ligasida klub rekordini yangiladi
Madridning «Atletiko» klubi UEFA Chempionlar Ligasining 1/8 final dastlabki uchrashuvida Angliyaning «Tottenhem» jamoasini 5:2 hisobida mag‘lub etib, nufuzli yevrokubok turniridagi o‘z tarixiy rekordini yangiladi.
Opta Sport statistik portalining ma’lumotlariga ko‘ra, «matraschilar» o‘z tarixida ilk bor Chempionlar Ligasi doirasidagi uchrashuvning birinchi bo‘limida raqib darvozasiga to‘rtta gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Shu bilan birga, Madrid klubi ushbu natijani pley-off bosqichida qayd etgan Ispaniyaning ikkinchi jamoasiga aylandi.
Bungacha mazkur ko‘rsatkich faqat «Barselona» klubi tomonidan 2009 yilda ikki marotaba qayd etilgan edi:
- 1/8 final bosqichida «Lion»ga qarshi uchrashuvda (yakuniy hisob — 5:2);
- 1/4 final bosqichida «Bavariya»ga qarshi bahsda (yakuniy hisob — 4:0).
Ushbu jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi joriy yilning 18 mart, chorshanba kuni Londondagi «Tottenhem» stadionida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.