“Atletiko” Alvares bo‘yicha “Barselona” bilan muzokara olib bormasligini e’lon qildi
Madridning “Atletiko” klubi Xulian Alvaresning “Barselona”ga ehtimoliy transferi yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Klub direktorlar kengashi argentinalik hujumchi bo‘yicha kataloniyaliklar bilan muzokara olib bormaslik qarorini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.
“Atletiko” transfer bozoridagi muzokaralarga ochiq ekanini, biroq ular professional va o‘zaro hurmat asosida olib borilishi kerakligini bildirdi. Madrid klubi “Barselona” ushbu talablarga rioya qilmaganini qayd etib, Alvares transferi bo‘yicha muzokaralar bo‘lmaganini va bundan keyin ham bo‘lmasligini ma’lum qildi.
Klub rahbariyati Alvares mazkur qarorni to‘g‘ri qabul qilib, bor e’tiborini “Atletiko”dagi faoliyatiga qaratishiga umid bildirdi. Hujumchi so‘nggi ikki mavsum davomida Madrid jamoasi safida to‘p tepib kelmoqda.
Ma’lumot uchun, so‘nggi kunlarda Alvaresning “Barselona”ga o‘tishi mumkinligi haqida ko‘plab xabarlar tarqalgandi. “Atletiko”ning rasmiy bayonotidan so‘ng esa ushbu transferning yaqin vaqtda amalga oshishi ehtimoli keskin kamaydi.