«Atletiko» 2017 yildan beri ilk bor Chempionlar Ligasi yarimfinalida ishtirok etadi
«Atletiko» UEFA Chempionlar Ligasi chorak final javob uchrashuvida «Barselona»ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, umumiy hisobdagi ustunlik (3:2) evaziga 2016/2017 yilgi mavsumdan buyon ilk bor musobaqaning yarimfinaliga yo‘l oldi.
2016/2017 yilgi mavsumning chorak finalida «matraschilar» «Lester Siti»ni mag‘lub etishgan (1:0, 1:1), biroq yarimfinalda o‘sha yili turnir g‘olibiga aylangan «Real»ga imkoniyatni boy berishgan edi (0:3, 2:1). Joriy mavsumning yarimfinalida Diyego Simeone jamoasi «Arsenal» hamda «Sporting» juftligi g‘olibi bilan kuch sinashadi.
Ma’lumot uchun, 1/8 final bosqichida kataloniyaliklar ikki o‘yin natijasiga ko‘ra «Nyukasl»ni 8:3 hisobida dog‘da qoldirishgan edi. «Atletiko» esa xuddi shu bosqichda «Tottenhem»dan ustun kelgan (umumiy hisob — 7:5).