«Atalanta» bosh murabbiyi boʻlish uchun asosiy nomzod maʼlum boʻldi
Italiyaning «Atalanta» klubi bosh murabbiy Ivan Yurich bilan xayrlashganidan soʻng, jamoani boshqarish uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida Raffaele Palladino koʻrib chiqilmoqda. Bu haqda insayder Fabritsio Romano xabar berdi.
Palladino oʻtgan mavsumda «Fiorentina» klubini boshqargan va jamoa bilan muvaffaqiyatli natijalarga erishgan edi. Biroq u yozda rahbariyat bilan kelishmovchiliklar sabab klubni tark etgandi.
Qiziqarli jihati shundaki, Palladino ham, Yurich ham oʻz vaqtida Jyan Pyero Gasperini qoʻl ostida «Jenoa» safida toʻp surishgan. Shuning uchun ular Gasperinining shogirdlari sifatida tanilgan.
Maʼlumot uchun, «Atalanta» soʻnggi 8 ta oʻyinda atigi 6 ochko jamgʻarishdi. Hozirda bergamoliklar A Seriya turnir jadvalida 13 ochko bilan 13-o‘rinda bormoqda.