“Aston Villa” Lamare Bogarde bilan shartnomani uzaytirmoqchi
“Aston Villa” yarimhimoyachisi Lamare Bogarde bilan yangi shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda. Insayder Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, Birmingem klubi 22 yoshli futbolchi uchun yangi taklif tayyorlamoqda.
Bogardega yozgi transfer oynasida bir nechta APL klublari qiziqish bildirdi. Xususan, “Ipsvich” va “Brayton” futbolchi bo‘yicha taklif bilan chiqqan, biroq “Aston Villa” ularning barchasini rad etgan. Bosh murabbiy Unai Emeri niderlandiyalik yarimhimoyachini jamoada saqlab qolishni istagan.
Bogarde markaziy va tayanch yarimhimoyachi sifatida harakat qilish bilan birga, himoyaning bir nechta pozitsiyasida ham o‘ynay oladi. Klub uning rivojlanishidan mamnun va yangi kelishuv orqali futbolchining kelajagini uzoq muddatga “Villa Park” bilan bog‘lamoqchi.
Ma’lumot uchun, Bogarde 2020-yilda “Feyenoord” akademiyasidan “Aston Villa” tizimiga kelib qo‘shilgan. O‘tgan mavsum u barcha turnirlarda 44 ta uchrashuv o‘tkazdi.