Aspilikueta faoliyatini yakunlashini e'lon qildi
"Sevilya" himoyachisi Sesar Aspilikueta joriy mavsum yakunlanganidan so‘ng professional futbolchilik faoliyatini tugatishini ma'lum qildi.
36 yoshli ispaniyalik futbolchi o‘z murojaatida bu qaror uning hayotidagi yangi bosqich boshlanishi ekanini ta'kidladi:
"Bugun sizlarga shuni ma'lum qilmoqchiman-ki, ushbu mavsum mening professional futbolchi sifatidagi so‘nggi mavsumim bo‘ladi. Orzumni ro‘yobga chiqargan shuncha yillardan so‘ng, hayotimda yangi sahifa ochish vaqti kelganini his qilyapman.
Rostini aytsam, bu onga tayyor bo‘lsam-da, bu so‘zlarni yozish men uchun oson kechmadi. 20 mavsum davomida ko‘plab insonlar mening faoliyatimda muhim o‘rin tutdi. Bolaligimda Pamplonada sinfdoshlarim bilan futbol o‘ynay boshlaganimda, meni qanday ajoyib yo‘l kutayotganini tasavvur ham qilmaganman.
Har bir lahza uchun minnatdorman: g‘alabalar, og‘ir mag‘lubiyatlar, sinovlar va eng muhimi — yo‘limda uchratgan insonlar va orttirgan do‘stliklar uchun.
Jamoadoshlarimga, murabbiylarimga va men o‘ynagan barcha klublar xodimlariga — har kuni shaxs va futbolchi sifatida o‘sishimga yordam berganingiz uchun rahmat. "Osasuna", "Marsel", "Chelsi", "Atletiko", "Sevilya" libosini kiyish va mamlakatimni eng yirik arenalarda himoya qilish men uchun katta sharaf bo‘ldi. Har bir lahza men uchun juda qadrli edi…"
Aspilikueta ushbu bayonotni ijtimoiy tarmoqda e'lon qildi.