Aslanov: «Bu ko‘r-ko‘rona ishonish deyiladi»
Jurnalist Qahramon Aslanov Fabio Kanavvaroni O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy sifatida tayinlanishiga o‘z munosabatini bildirdi.
“Menimcha, hech qachon murabbiylik qilmagan, kecha faoliyatini tugatgan kim bor, Pepemi, Kroos yoki Marcelomi, Jonny Evansmi, kim bo‘lsa ham, agar shulardan biri O‘zbekiston terma jamoamizga trener qilib tayinlanganda ham umid bo‘lardi kichik — kim bilsin, balki g‘oyalari bordir, bilmaymiz-ku, futbolchilikni tugatib murabbiylik qilib ketgan va muvaffaqiyat qozongan misollar ko‘p-ku, to‘g‘rimi?
Hatto Jaloliddin Masharipov boshqararkan, deyishsa ham, nimadir bor balki, o‘xshab ketsa, zo‘r bo‘lardi, deyishga ilinji bo‘lardi, bilmaymiz-ku, Jaloliddinning ham zo‘r salohiyati bordir... Ermatov o‘zini o‘zi tayinlagandayam aytardim — iste’dodli odam, hakamlikni eplagan, buni ham uddalar...
Eng yomoni shundaki, Fabio Cannavaro kecha faoliyatini tugatmadi, o‘n besh yil bo‘ldi. Shundan keyin biz murabbiy Cannavaro haqida eshitmadik. Inzaghini eshitdik, Gattusoni, Pirloni eshitdik, uni eshitmadik. Demak, muvaffaqiyat qozonmaganki, o‘ylab yurganlari o‘xshamaganki, shu paytgacha ko‘rmadik, eshitmadik. Bizda o‘xshab qolar, deb umid qilish yanada qiyinmasmi?
O‘n besh yil o‘ylab yurganlari bizda o‘xshab qolar yoki o‘n besh yil o‘tib o‘xshaydiganini bizda yurib o‘ylab qolar, shunaqami?
Bu ko‘r-ko‘rona ishonish deyiladi. Nachora, ko‘r-ko‘rona umid qilish yozilganakan, ko‘r-ko‘rona umid qilamiz. Qaniydi adashsam. Omad”, — deb yozadi Aslanov o‘zining telegramdagi kanalida.