Artur Yunusov: «Hali ko‘p jihatlar ustida ishlashimiz kerak»
Artur Yunusov: «Hali ko‘p jihatlar ustida ishlashimiz kerak»
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston XXX milliy chempionati — Oliy liganing 1-turini «Sayxun» jamoasi 6 ochko bilan yakunladi. Gulistonliklar dastlabki tur natijalariga ko‘ra turnir jadvalining 4-pog‘onasidan joy oldi.
1-tur yakunlari va jamoaning mavsumdagi starti haqida «Sayxun» bosh murabbiyi Artur Yunusov o‘z fikrlarini bildirdi.
— Chempionatning boshlanishi juda qiziqarli o‘tmoqda. Bir nafasda tomosha qilinadigan ko‘plab uchrashuvlar bo‘ldi. Barcha jamoalar so‘nggi soniyalarga qadar kurash olib borishdi, kutilmagan natijalar ham qayd etildi. O‘ylaymanki, oldinda bizni hali ko‘plab qiziqarli va shiddatli uchrashuvlar kutmoqda.
— Jamoamiz haqida gapiradigan bo‘lsam, hali ko‘p jihatlar ustida ishlashimiz kerak. Yigitlarning bir-biriga moslashishi va o‘zaro tushunishni yo‘lga qo‘yishi uchun vaqt talab etiladi. Bu nafaqat maydondagi o‘yinda, balki kundalik hayotda ham bir-birini yaxshiroq tushunish va jamoa sifatida shakllanish uchun muhim», — dedi Artur Yunusov.