Arteta: «Yaxshilanishimiz kerak bo‘lgan jihatlar ko‘p»
"Arsenal" bosh murabbiyi Mikel Arteta jamoasining o‘rtoqlik uchrashuvida "Betis"ga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Eng muhimi – g‘alaba qozonish edi, ammo biz bunga erisha olmadik. Shu sababli natijadan, albatta, ko‘nglimiz to‘lmadi. Biroq bugungi o‘yinning o‘ziga xos jihatlarini ham inobatga olish kerak – maydonga 25 nafar futbolchi tushirildi.
Birinchi bo‘limda, asosiy tarkib vakillari ko‘proq harakat qilgan vaqtda, o‘yinimizda ikki xil manzarani ko‘rdim: to‘p bilan harakatimiz yaxshi edi, ammo raqibga qarshi kurashishda talab darajasida emasdik.
Juda yaxshi o‘yin parchalarini ham ko‘rdik. Ammo himoyadagi harakatlarimiz, ayniqsa o‘z jarima maydonimiz ichida va uning atrofidagi o‘yinimiz biz o‘rgangan standartlarga mos kelmadi. Albatta, yaxshilanishimiz kerak bo‘lgan jihatlar bor.
Shu bilan birga, ijobiy tomonlar ham yetarli bo‘ldi. Ba’zan salbiy natija ham foyda keltiradi – bu jamoada ichki ishtiyoq va g‘alabaga bo‘lgan chanqoqlikni yanada kuchaytiradi», – dedi Arteta klub matbuot xizmatiga bergan intervyusida.