Arteta: «Yana bir bor Chempionlar Ligasi yarimfinaliga chiqish biz uchun sharaf»
Londonning «Arsenal» klubi bosh murabbiyi Mikel Arteta UEFA Chempionlar Ligasi yarimfinalidan o‘rin olgan Madridning «Atletiko» jamoasiga qarshi bo‘ladigan uchrashuv haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«"Atletiko" hujumda ham, himoyada ham juda kuchli, aks holda ular yarimfinalga chiqmagan bo‘lardilar. Ularning stadionda yaratadigan energiyasi va o‘zlariga bo‘lgan ishonchi hayratlanarli. Biz tayyormiz.
O‘ylaymanki, Diego Simeone 15 yil davomida klubni o‘zgartirib, ulkan ishni amalga oshirdi. Men doim bunday insonlarga qoyil qolganman. Simeonening «Atletiko» bilan aloqasi juda mustahkam. U — haqiqiy namuna.
Ketma-ket ikkinchi yil Chempionlar Ligasining yarimfinalida bo‘lish biz uchun ulkan sharaf. Bu ajoyib imkoniyat va biz undan to‘liq foydalanish niyatidamiz. Xalqaro o‘yinlarda har qanday stadionda nimalarga qodir ekanimizni ko‘rsatib bo‘lganmiz. Biz ana shu ishonch va g‘alabaga bo‘lgan xohish bilan o‘ynashimiz kerak», — deya Artetaning so‘zlarini keltiradi UEFA rasmiy sayti.
Jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi 5 may kuni bo‘lib o‘tadi. O‘yin Londondagi «Emireyts» stadionida o‘tkaziladi.
Musobaqaning 1/4 final bosqichida «matraschilar» ikki o‘yin natijasiga ko‘ra «Barselona»ni 3:2 hisobida mag‘lub etishgan edi. Xuddi shu bosqichda «kanonirlar» ikki uchrashuv yig‘indisiga ko‘ra «Sporting»dan 1:0 hisobida ustun kelishgan.