Arteta Vinisiusdan ko‘ra Niko Uilyamsni afzal ko‘rmoqda
"Arsenal" bosh murabbiyi Mikel Arteta jamoaning chap qanotini kuchaytirish masalasida o‘z ustuvor nomzodini belgilab olgan. Xabarlarga ko‘ra, ispaniyalik mutaxassis "Real Madrid" yulduzi Vinisius Junior o‘rniga "Atletik Bilbao" vingeri Niko Uilyams transferini ma’qul ko‘rmoqda.
Manbalarga qaraganda, Arteta Niko Uilyamsning o‘yin uslubi "Arsenal"ning taktik tizimiga yaxshiroq mos keladi, deb hisoblamoqda. Murabbiy ispaniyalik futbolchining himoyadagi faolligi, tezligi va jamoaviy o‘yindagi ishtirokini yuqori baholayotgani aytilmoqda.
Shu bilan birga, Vinisius Juniorning transferi moliyaviy jihatdan ancha qimmatga tushishi mumkin. Bundan tashqari, braziliyalik futbolchining "Real Madrid" bilan yangi shartnoma borasidagi muzokaralari davom etayotgani sabab uning transferi murakkab ko‘rinmoqda.
Hozircha "Arsenal" tomonidan Niko Uilyams yoki Vinisius Junior bo‘yicha rasmiy taklif yuborilgani tasdiqlanmagan. Shu bois bu masala hozircha transfer mish-mishlari darajasida qolmoqda.