Arteta: «Hammasi bizni foydamizga hal boʻlishi kerak edi, lekin bugun bunday boʻlmadi»
Londonning «Arsenal» klubi bosh murabbiyi Mikel Arteta Angliya Premyer-ligasining 33-turi doirasidagi «Manchester Siti»ga qarshi bahsdan (1:2) so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Eng katta ko‘ngilsizlik shundaki, o‘yin davomida ko‘p narsani to‘g‘ri bajardik. Ularda sanoqli imkoniyatlar bo‘ldi, biz esa eng xavfli vaziyatlarni yaratdik, biroq gol ura olmadik. Omad ham muhim rol o‘ynadi, to‘pning darvoza ustuniga tegishi esa juda alamli bo‘ldi. Hammasi bizning foydamizga hal bo‘lishi kerak edi, lekin bugun bunday bo‘lmadi. Biz imkoniyatni qo‘ldan boy berdik va bu natijaga ta’sir qildi. Ularda zaxira o‘yini bor, bizda esa uch ochkolik ustunlik. Kurash davom etadi, chunki bu — yangi Premyer-liga», — deya Artetaning so‘zlarini keltirmoqda BBC.
Ushbu o‘yindan so‘ng «Manchester Siti» 67 ochko bilan Angliya oliy divizioni turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. «Arsenal» esa 70 ochko bilan peshqadamlikni saqlab qoldi. Ta’kidlash joizki, «shaharliklar» hisobida hali bitta zaxira o‘yini mavjud.
Navbatdagi turda, 22 aprel kuni «Manchester Siti» safarda «Byornli» mehmoni bo‘lsa, «to‘pchilar» 25 aprel kuni o‘z maydonlarida «Nyukasl»ni qabul qilishadi.