Arteta boshchiligidagi «Arsenal» Kerrik boshqaruvidagi «MYU»ga qarshi oʻyinlarda noyob antirekord qayd etdi
Mikel Arteta boshchiligidagi Londonning «Arsenal» klubi ikki va undan ortiq gol urgan oʻyinda bor-yo‘g‘i ikki marta mag‘lub bo‘lgan. Har ikki holatda ham «kanonirlar» Maykl Kerrik boshqaruvidagi «Manchester Yunayted»ga imkoniyatni boy bergan.
«Arsenal»ning «Yunayted»dan ilk mag‘lubiyati 2021 yil dekabr oyida 2:3 hisobida qayd etilgan bo‘lsa, ikkinchisi 2026 yil yanvariga to‘g‘ri keldi. Bu haqda Opta X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Kerrik Ruben Amorim klubni tark etganidan so‘ng yangi kalendar yilning ilk oyida «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi etib tayinlangan. Arteta esa 2019 yildan buyon «Arsenal»ni boshqarib kelmoqda. Avvalroq ispan mutaxassisi «Manchester Siti»da Xosep Gvardiolaning yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan.
Joriy mavsumda «Arsenal» Angliya chempionati turnir jadvalida 50 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. «Manchester Yunayted» esa 38 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi.