Arteta: «Biz istagan natijaga erisha olmadik»
Londonning «Arsenal» klubi bosh murabbiyi Mikel Arteta UEFA Chempionlar Ligasi yarimfinalining dastlabki bahsida Madridning «Atletiko» jamoasi bilan qayd etilgan durangdan (1:1) so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Men natijadan juda faxrlanaman va buni yigitlarga ham aytdim. Biz to‘qqiz yarim oy davomida har qanday murakkab vaziyatlarni munosib yengib o‘tdik, bu shunchaki hayratlanarli. Ularning qilgan ishini juda qadrlayman, chunki dunyoning eng kuchli jamoalari aynan shu yerda («Sivitas Metropolitano»da) mag‘lubiyatga uchraganini ko‘rganman. To‘g‘ri, biz istagan natijaga erisha olmadik. O‘yinni g‘alaba qozonish uchun rejalashtirgan edik, biroq finalga chiqish masalasi hamon o‘z qo‘limizda. O‘z muxlislarimiz qarshisida, bir haftadan so‘ng bu vazifani uddalash uchun imkoniyatga ega bo‘lamiz», — deydi Arteta.
Eslatib o‘tamiz, ushbu jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi 5 may kuni Londondagi «Emireyts» stadionida bo‘lib o‘tadi.