locale OZ

‘‘Arsenal’’da 60 nafargacha xodim ishdan bo‘shatiladi

London klubi rahbariyati faoliyat samaradorligini oshirish va moliyaviy resurslardan oqilona foydalanish maqsadida tarkibiy o‘zgarishlarni boshlagan.
‘‘Arsenal’’da 60 nafargacha xodim ishdan bo‘shatiladi
Foto: Getty Images

Angliyaning ‘‘Arsenal’’ klubi xarajatlarni qisqartirish maqsadida 60 nafargacha xodimni ishdan bo‘shatishni rejalashtirmoqda. London klubi rahbariyati faoliyat samaradorligini oshirish va moliyaviy resurslardan oqilona foydalanish maqsadida tarkibiy o‘zgarishlarni boshlagan. Bosh murabbiy Mikel Arteta esa ushbu qarorni qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, qisqartirishlar klubning tijorat, marketing va boshqa ma’muriy bo‘limlariga taalluqli bo‘ladi. ‘‘Arsenal’’ bosh direktori Richard Garlik bu haqda xodimlarni xabardor qilgan. Biroq erkaklar va ayollar jamoalarining murabbiylar shtabi, akademiya, xavfsizlik xizmati hamda klubning ijtimoiy loyihalarida faoliyat yurituvchi xodimlar qisqartirishga uchramaydi. Mazkur qaror orqali klub yiliga 5–7 million funt sterling miqdorida mablag‘ tejashni maqsad qilgan.

Mikel Arteta matbuot anjumanida qaror klubning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi bilan bog‘liqligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rahbariyat mavjud tuzilmani qayta ko‘rib chiqib, xodimlarni tegishli lavozimlarga joylashtirish va investitsiyalarni davom ettirish orqali yangi muvaffaqiyatlarga erishishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, murabbiy kadrlar masalasi bo‘yicha qaror qabul qilish uning vakolatiga kirmasligini bildirdi. Bu holat Artetaning yaqinda yiliga 20 million funt sterlinggacha maosh ko‘zda tutilgan yangi shartnoma imzolagani fonida muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumot uchun, ‘‘Arsenal’’da 871 nafar doimiy xodim faoliyat yuritadi va rejalashtirilgan qisqartirishlar ularning qariyb 7 foiziga ta’sir qilishi mumkin. Klubning 2024/25-yilgi mavsumdagi daromadi rekord darajadagi 691 million funt sterlingni tashkil etgan. Shunga qaramay, jamoaning operatsion xarajatlari oshishda davom etmoqda. Arteta esa yaqinda ‘‘Arsenal’’ bilan 2030-yilgacha mo‘ljallangan yangi shartnoma imzolagan.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting