«Arsenal» Yan Diomandga qiziqish bildirmoqda
Londonning "Arsenal" klubi "RB Leyptsig" vingeri Yan Diomandni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda jurnalist va insayder Ben Jeykobs X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, hozircha "Arsenal" va futbolchi o‘rtasida jiddiy muzokaralar olib borilmayapti. London klubi faqatgina Diomandning transferga tayyorligi bo‘yicha dastlabki so‘rov yuborgan.
Shu bilan birga, "PSJ" ushbu transfer ustida ishlashda davom etmoqda. "RB Leyptsig" esa futbolchi bilan yangi shartnoma imzolash va uni kamida yana bir mavsum jamoada olib qolishni istamoqda.
Xabar qilinishicha, Diomandning o‘zi aynan "PSJ"ga o‘tishni afzal ko‘rmoqda. U Parij klubi bilan besh yillik shartnoma shartlarini kelishib olgan va Luis Enrike jamoasida o‘ng qanot hujumchisi sifatida o‘ynashini yaxshi biladi.
Yan Diomand 2025 yilning iyul oyidan buyon "RB Leyptsig" sharafini himoya qilib kelmoqda. Uning amaldagi shartnomasi 2030 yil 30 iyungacha mo‘ljallangan.
2025/26 yilgi mavsumda Diomand barcha musobaqalarda 36 ta uchrashuvda ishtirok etib, 13 ta gol urdi va 9 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi.
Transfermarkt ma'lumotiga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 90 million yevroni tashkil etadi.