«Arsenal» Xulian Alvares transferini tezroq yakunlamoqchi
Arsenal "Atletiko" hujumchisi Xulian Alvares transferini imkon qadar tezroq yakunlashni rejalashtirmoqda. The Independent xabariga ko‘ra, londonliklar bitimni mavsumoldi yig‘ini boshlanishidan oldin rasmiylashtirishni maqsad qilgan.
Manbaga ko‘ra, "topchilar" argentinalik forvard uchun 105 million yevro to‘lashga tayyor. Biroq "Atletiko" o‘z futbolchisini kamida 117 million yevroga baholamoqda. Arsenal tomonidan muzokaralarga klubning sport direktori Andrea Berta boshchilik qilmoqda. U avval "Atletiko" tizimida faoliyat yuritgani sababli madridliklar bilan yaxshi aloqalarga ega.
Avvalroq Xulian Alvares Ispaniyada qolishga qarshi emasligi xabar qilingandi. Uning vaziyatini "Barselona" va "Real" ham kuzatib borgan. Ammo "Atletiko" o‘zining to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqiblarini kuchaytirish niyatida emas. Shuningdek, futbolchiga PSJ ham qiziqish bildirgan.
Xabar qilinishicha, aynan Xulian Alvares Arsenalning joriy yozgi transferlar oynasida hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun asosiy nomzod hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, "Atletiko" o‘tgan yozda 26 yoshli argentinalik hujumchini "Manchester Siti"dan 75 million yevro evaziga o‘z safiga qo‘shib olgan edi. Alvares 2025/2026 yilgi mavsumda barcha musobaqalarda 49 ta uchrashuvda ishtirok etib, 20 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmani amalga oshirdi.