«Arsenal» Vinisius transferidan umidini uzmoqda
Londonning "Arsenal" klubi "Real" vingeri Vinisius Juniorni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini juda past baholamoqda. Bu haqda Marca nashri xabar berdi.
Avvalroq "kanonirlar" braziliyalik yulduzga jiddiy qiziqish bildirayotgani, klub uni yozgi transfer oynasidagi asosiy maqsad sifatida ko‘rayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Shuningdek, bosh murabbiy Mikel Arteta ham Vinisiusni jamoaga olib kelish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlayotgani aytilgan.
"Arsenal" ichidagi manbalar klubning ushbu transferni amalga oshirish imkoniyati juda kam deb hisoblayotganini bildirgan. Londonliklar Vinisius yaqin vaqt ichida "Real" bilan 2027 yil 30 iyunga qadar amal qiladigan shartnomasini uzaytirishini kutmoqda.
O‘tgan mavsumda 25 yoshli hujumchi barcha musobaqalarda 53 ta uchrashuvda maydonga tushib, 22 ta gol va 14 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi.
Transfermarkt portali ma’lumotiga ko‘ra, Vinisius Juniorning bozor qiymati 140 million yevroga baholanmoqda.