«Arsenal» va «Chelsi» Reshford bilan shartnoma imzolamoqchi
Ayni damda ijara asosida «Barselona» sharafini himoya qilayotgan «Manchester Yunayted» hujumchisi Markus Reshfordga bir qator Yevropa grandlari jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Football365 nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, Kataloniya klubi vingerning jamoada qolishini istamoqda, biroq hozircha faqatgina ijarani uzaytirish variantini ko‘rib chiqmoqda. O‘z navbatida, «qizil iblislar» 28 yoshli futbolchini sotish orqali sezilarli daromad olishni rejalashtirgan.
Ta’kidlanishicha, «Manchester Yunayted» o‘z raqiblarini kuchaytirib yubormaslik maqsadida Reshfordni APLdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchilari — «Arsenal» va «Chelsi»ga sotishdan bosh tortishi ham mumkin.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Markus Reshford joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida 38 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 10 ta gol va 13 ta samarali uzatmani yozdirib qo‘ydi. Transfermarkt portali bergan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining ayni damdagi bozor qiymati 40 million yevroni tashkil etmoqda.