“Arsenal” Maykl Olise uchun kurashga qo‘shildi
Londonning “Arsenal” klubi Myunxenning “Bavariya” jamoasi vingeri Maykl Oliseni o‘z safiga qo‘shib olishga qiziqish bildirmoqda. Angliya klubi 24 yoshli fransiyalik futbolchini hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rmoqda. Bu haqda Fichajes nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Arsenal” bosh murabbiyi Mikel Arteta Oliseni o‘z jamoasida ko‘rishni istamoqda. Ispaniyalik mutaxassis futbolchi transfer qilingan taqdirda, uni hujum chizig‘ining asosiy yetakchilaridan biriga aylantirishni rejalashtirgan. Biroq fransiyalik vingerga “Real Madrid”, PSJ va “Liverpul” klublari ham jiddiy qiziqish bildirmoqda.
“Bavariya” esa Oliseni jamoada saqlab qolish niyatida. Myunxen klubi futbolchi bilan shartnomani uzaytirish va uning maoshini sezilarli darajada oshirishni rejalashtirmoqda. Agar tomonlar yangi kelishuvga erisha olmasa, “Arsenal” 2027-yilning yozgi transferlar oynasida futbolchini sotib olish bo‘yicha faol harakatlarni boshlashi mumkin. Hozircha klublar o‘rtasida rasmiy muzokaralar boshlangani haqida ma’lumot yo‘q.
Ma’lumot uchun, Maykl Olise joriy mavsumda “Bavariya” safida barcha musobaqalarda 9 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol va 4 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Transfermarkt portali 24 yoshli futbolchining bozor qiymatini 180 million yevroga baholamoqda. Olise Yevropa futbolidagi eng qimmat vingerlardan biri hisoblanadi.