«Arsenal» ketma-ket ikkinchi mavsum Chempionlar Ligasi yarimfinaliga chiqdi
Londonning «Arsenal» klubi UEFA Chempionlar Ligasi chorak finalida ikki o‘yin natijasiga ko‘ra Lissabonning «Sporting» jamoasidan ustun keldi (1:0, 0:0). Shu tariqa, «to‘pchilar» ketma-ket ikkinchi mavsum Ko‘hna qit’aning eng nufuzli klublararo turniri yarimfinaliga yo‘llanma oldi.
Musobaqaning o‘tgan mavsumida Mikel Arteta shogirdlari aynan shu bosqichda Madridning «Real» klubini mag‘lub etishgan edi (3:0, 2:1), biroq yarimfinalda yakunda turnir g‘olibiga aylangan «Pari Sen-Jermen»ga imkoniyatni boy berishgan (0:1, 1:2). Amaldagi Chempionlar Ligasining yarimfinalida «Arsenal» Madridning «Atletiko» jamoasiga qarshi bahs olib boradi.
Joriy mavsumdagi final uchrashuvi Budapeshtdagi (Vengriya) «Pushkash Arena» stadionida bo‘lib o‘tadi. Hal qiluvchi bahs 2026 yil 30 mayga belgilangan. Eslatib o‘tamiz, Chempionlar Ligasining amaldagi g‘olibi Fransiyaning «PSJ» klubi hisoblanadi.