“Arsenal” Itan Nvanerini “Borussiya”dan muddatidan oldin qaytarishi mumkin
Londonning “Arsenal” klubi Itan Nvanerini Dortmundning “Borussiya” klubidagi ijara muddatini yakunlamasdan qaytarib olish imkoniyatiga ega. Sky Sport ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi ijara shartnomasiga bu borada maxsus band kiritilgan.
Kelishuvga ko‘ra, “Arsenal” 1-yanvar kuni 19 yoshli yarimhimoyachini Londonga qaytarish huquqiga ega. Mazkur shart “kanonirlar” talabi bilan shartnomaga kiritilgan va muzokara mavzusi bo‘lmagan.
Agar “Arsenal” ushbu imkoniyatdan foydalansa, “Borussiya” Nvanerining ijara to‘lovini amalga oshirmaydi. Shu bilan birga, Dortmund klubiga futbolchining o‘rniga boshqa variant topish uchun yetarli vaqt beriladi.
Ma’lumot uchun, Nvanerining “Arsenal” bilan amaldagi shartnomasi 2030-yil iyunigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt 19 yoshli futbolchining bozor qiymatini 35 million yevroga baholamoqda.