“Arsenal” hujum chizig‘ini ikki futbolchi bilan kuchaytirishi mumkin
“Arsenal” hujum chizig‘ini kuchaytirish maqsadida “Bornmut” forvardi Eli Junior Kroupi hamda “Brentford” vingeri Kevin Shadeni kuzatmoqda. London klubi har ikki futbolchini kelgusi transfer oynalari uchun ehtimoliy variant sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Football London nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Arsenal” ayniqsa 20 yoshli Kroupiga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Fransiyalik hujumchi o‘tgan mavsum Premyer-ligada 13 ta gol urib, bir qator top-klublar e’tiborini tortgan. “Bornmut” esa o‘z futbolchisini faqat juda katta taklif tushgan taqdirdagina qo‘yib yuborishi mumkin.
Kevin Shade ham “kanonirlar”ning ehtimoliy nomzodlari qatorida turibdi. 24 yoshli germaniyalik futbolchi tezligi va hujumning bir nechta pozitsiyasida harakat qila olishi bilan qadrlanmoqda. “Brentford” ham uni arzon narxda sotishni rejalashtirmayapti.
Ma’lumot uchun, ayrim manbalarda Kroupi va Shade transferlari “Arsenal”ga jami 190 million yevrodan ortiq tushishi mumkinligi aytilmoqda. Biroq hozircha na rasmiy taklif, na klublar o‘rtasidagi muzokaralar tasdiqlangan.