«Arsenal» Endrikka qiziqish bildirmoqda
«Arsenal» klubi Madridning «Real» jamoasiga tegishli bo‘lgan va ijara asosida «Lion»da to‘p surayotgan hujumchi Endrikka qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Caught Offside nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lumotlariga ko‘ra, hozircha «kanonirlar» 19 yoshli forvardning transferi bo‘yicha muzokaralarni boshlagani yo‘q va hech qanday rasmiy taklif bilan chiqishmagan. Biroq braziliyalik futbolchi «Arsenal»ning kelayotgan yozgi transferlar ro‘yxatidan o‘rin olgan. Ta’kidlanishicha, futbolchining o‘zi uchun asosiy ustuvor vazifa «Real» tarkibiga qaytish hisoblanadi.
Joriy mavsumda Endrik barcha turnirlar doirasida 20 ta o‘yinda maydonga tushib, 7 ta gol urdi va 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Futbolchining Ispaniya klubi bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali bergan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 35 million yevroni tashkil etadi.