“Arsenal” Dyokereshni faqat bir shart bilan sotishga tayyor
“Arsenal” hujumchisi Viktor Dyokeresh qishki transfer oynasida London klubini tark etishi mumkin. Shvetsiyalik futbolchi jamoada o‘z rolidan norozi ekani va ko‘proq o‘yin amaliyoti uchun boshqa variantlarni ko‘rib chiqayotgani aytilmoqda. Bu haqda CaughtOffside xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Milan”, “Yuventus”, “Al-Ahli” va “Al-Ittihod” futbolchiga qiziqish bildirmoqda. Dyokereshning vakillari mazkur klublar bilan dastlabki muzokaralarni ham o‘tkazgan. Biroq “Arsenal” uni shunchaki sotib yuborishni rejalashtirmayapti.
Londonliklar Dyokereshning transferiga faqat bir shart bilan rozilik berishi mumkin — klub avval uning o‘rniga yuqori saviyali yangi hujumchini topishi kerak. Hozircha Mikel Arteta asosiy markaziy hujumchi sifatida Kay Havertsga ko‘proq ishonch bildirmoqda.
Ma’lumot uchun, Dyokeresh o‘tgan mavsumda “Arsenal” safida barcha musobaqalarda 21 ta gol urgan. Joriy mavsumda esa uning o‘yin vaqti sezilarli kamaygan, shu sabab futbolchining kelajagi atrofidagi gap-so‘zlar kuchaygan.