«Arsenal» «Borussiya D» futbolchisini 29,9 mln yevroga sotib olishi mumkin — Bild
Londonning «Arsenal» klubi Dortmundning «Borussiya» jamoasi chap qanot himoyachisi Daniel Svenssonga qiziqish bildirmoqda. «Asalarilar» 23 yoshli futbolchini 26 million funt sterlingga (29,9 mln yevro) sotishga tayyor. Bu haqda Bild nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, shvetsiyalik o‘yinchi uchun kurashda «kanonirlar»ga «Lids Yunayted» va Milanning «Inter» klublari raqobat tug‘dirishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, Svenssonning «Arsenal»ga ehtimoliy o‘tishi jamoaning yosh iqtidori Maylz Lyuis-Skellining kelajagini so‘roq ostida qoldirishi mumkin.
Joriy mavsumda Svensson barcha musobaqalarda 30 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol va 1 ta samarali uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Futbolchining nemis klubi bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali bergan ma’lumotlarga ko‘ra, himoyachining ayni damdagi bozor qiymati 22 million yevroni tashkil etmoqda.