\"Arsenal\" Alvares transferiga muqobil variantni \"Barselona\"dan topdi
"Arsenal" hujum chizig‘ini kuchaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda. London klubi asosiy transfer maqsadi bo‘lib turgan Xulian Alvaresni qo‘lga kirita olmasa, e’tiborini "Barselona" hujumchisi Ferran Torresga qaratishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Alvaresning "Barselona"ga o‘tishni afzal ko‘rayotgani va "Atletiko" bilan muzokaralarning murakkab kechayotgani sabab "Arsenal" muqobil variantlarni o‘rganishni boshlagan. Shu ro‘yxatdan Ferran Torres ham joy olgan.
27 yoshli ispaniyalik futbolchi "Barselona" safida bir necha pozitsiyada harakat qila olishi bilan ajralib turadi. U markaziy hujumchi, chap va o‘ng qanotda ham samarali o‘ynay oladi. Aynan shu universallik Mikel Arteta jamoasi e’tiborini tortgani aytilmoqda.
Hozircha tomonlar o‘rtasida rasmiy muzokaralar boshlanganiga oid ma’lumot yo‘q. Biroq "Arsenal" transfer oynasi yakuniga qadar hujum chizig‘ini kuchaytirishni rejalashtirmoqda va Ferran Torres ushbu yo‘nalishdagi asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.